Samsung "Galaxy S10" smartfonlari uchun kutilmagan yangilanish e'lon qildi
Samsung kompaniyasi qurilmalarni qo'llab-quvvatlash muddati uch yil avval yakunlanganiga qaramay, "Galaxy S10" turkumidagi smartfonlar uchun dasturiy yangilanish chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. G97x0ZHU8HZB1 raqamli proshivka hozircha Xitoy va Gonkong bozorlaridagi "Galaxy S10e", "Galaxy S10" hamda "Galaxy S10+" modellari uchun taqdim etildi. Bu haqda Ixbt.com nashri xabar bermoqda.
Yangi dasturiy paketning hajmi 163 MBni tashkil etadi. Mazkur yangilanish o'z ichiga yangi xavfsizlik patchlarini olmagan va qurilmalar hamon 2023 yil fevral oyidagi xavfsizlik tizimi darajasida qolmoqda.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, ushbu o'zgarishlar faqatgina tizim barqarorligini oshirish hamda smartfonlarning ishonchli ishlashini ta'minlashga qaratilgan. Dasturiy ta'minotni o'rnatgan foydalanuvchilar qurilmalar ishlashida ijobiy o'zgarishlar kuzatilganini ta'kidlamoqda.
Xususan, menyu va ilovalarning ochilishi ancha silliq va tezkor ko'rinishga kelgan. Bu mazkur turkum uchun so'nggi ikki yil ichida chiqarilgan ikkinchi rejasiz yangilanish bo'ldi.
"Galaxy S10" seriyasi 2019 yil "Android 9" operatsion tizimi bilan sotuvga chiqarilgan edi. Keyinchalik ushbu smartfonlar 2022 yil "Android 12" va "One UI 4.1" interfeysigacha yangilangan.
Hozircha ushbu proshivkaning boshqa mintaqalarda tarqatilishi bo'yicha rasmiy ma'lumot berilmadi.