Parallel Web Systems startapi 100 mln dollar sarmoya jalb qildi
Twitter sobiq rahbari Parag Agraval asos solgan Parallel Web Systems sun'iy intellekt startapi Sequoia jamg'armasi boshchiligidagi moliyalashtirish raundida 100 mln dollar miqdorida sarmoya to'pladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur kelishuvdan so'ng kompaniyaning bozor qiymati 2 mlrd dollarga yetdi. Techcrunch.com nashri ma'lumotlariga ko'ra, loyihaga Kleiner Perkins, Index Ventures, Khosla Ventures, First Round Capital, Spark Capital va Terrain Capital kabi yirik investorlar ham mablag' kiritgan.
Mazkur sarmoya Series A bosqichidan atigi besh oy o'tib amalga oshirildi. O'shanda startap 100 mln dollar jalb qilib, 740 mln dollarga baholangan edi.
Hozirga kelib kompaniya tomonidan to'plangan umumiy mablag' miqdori 230 mln dollarni tashkil etmoqda. Parallel kompaniyasi sun'iy intellekt agentlari uchun veb-qidiruv va tadqiqotga ixtisoslashgan maxsus API xizmatlarini taqdim etadi.
Hozirda ushbu xizmatlardan Clay, Harvey, Notion va Opendoor kabi kompaniyalar, shuningdek, banklar va xedj-fondlar foydalanib kelmoqda. Agravalning Twitter'dagi faoliyati sud jarayonlari bilan yakunlangan bo'lsa-da, investorlar uning yangi loyihasiga yuqori ishonch bildirdi.
Ilon Mask Twitter'ni sotib olganidan so'ng Agraval va boshqa rahbarlarni ishdan bo'shatgan edi. Sobiq menejerlar 128 mln dollarlik tovon puli to'lanmagani sababli Maskni sudga bergan va joriy yilning oktyabr oyida mazkur nizo noma'lum shartlar asosida yakuniga yetgan.
Parallel vakillarining qayd etishicha, bugungi kunda kompaniya mahsulotlaridan yirik mijozlardan tashqari 100 mingdan ortiq dasturchi ham foydalanmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0