
O‘zbekiston Respublikasida joriy yilning 7 avgust sanasidan boshlab mamlakat hududida saqlanayotgan hamda ko‘paytirilayotgan hayvonlarni yagona elektron tizim asosida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur yangilikka ko‘ra, har bir jonvorga individual identifikatsiya raqami biriktiriladi. Shuningdek, hayvonning butun umri davomida amal qiladigan va uning sog‘lig‘i hamda nasl-nasabi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.
Yangi tartibga muvofiq, hayvonlarni identifikatsiya qilish muddatlari ham belgilab olindi. Jumladan, yangi tug‘ilgan qoramol, qo‘y, echki va tuyalar 14 kunlik muddatdan so‘ng ro‘yxatga olinishi shart.
Otlar uchun bu muddat to‘rt oyni, cho‘chqalar uchun bir oyni tashkil etadi. Uy hayvonlari hisoblangan it va mushuklar esa uch oylik bo‘lganida identifikatsiya qilinishi lozim.
Ushbu chora-tadbirlar veterinariya nazoratini kuchaytirish, epizootik barqarorlikni ta’minlash hamda hayvonlar populyatsiyasini aniq hisobga olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Tizim to‘liq joriy etilgach, hayvonlarning harakati va ularning sog‘lig‘i holatini monitoring qilish imkoniyati sezilarli darajada ortadi.






Izohlar
0