O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi yangi qonun qabul qilindi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi yangi qonun qabul qilindiOliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini tubdan isloh etish va rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu hujjat ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini, ularning sha’ni, qadr-qimmati hamda shaxsiy daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi va samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishni ko‘zda tutadi. Qonunning asosiy maqsadi bolalarga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishdan iborat.

Shu bilan birga, mazkur qonun hujjati doirasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrarligi ta’minlanishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun bolalar xavfsizligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish hamda ta’lim muassasalarida sog‘lom muhitni shakllantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Qonunning qabul qilinishi jamiyatda bolalar huquqlarini himoya qilish madaniyatini yuksaltirishga va ularning har tomonlama himoyalanganligini kafolatlashga qaratilgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish