Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Fransiyaning nufuzli kompaniyalari rahbarlari va vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Uchrashuv doirasida ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar energetika, ta’lim tizimi, suv ta’minoti, transport logistikasi hamda shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Fransiya delegatsiyasiga Klod Imoven boshchilik qildi. Shuningdek, mazkur uchrashuvda Fransiya tadbirkorlari xalqaro harakati — MEDEF vakillari ham ishtirok etishdi.
Muloqot davomida fransuz biznes doiralari vakillari O‘zbekistondagi investitsiya muhiti hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar. Tomonlar o‘zaro tajriba almashish va aniq texnik loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda fransuz kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish uchun zamin yaratadi. Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha navbatdagi qadamlarni belgilab oldilar.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0