
Majburiy ijro byurosining G‘ijduvon tuman bo‘limi tomonidan ijro etilayotgan sud qaroriga binoan, fuqaro zimmasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyati yuklangan. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur ijro hujjati ijrosini ta’minlash jarayonida qarzdor otaning chet davlatlarga chiqish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha cheklangan edi. Keyinchalik, mazkur shaxs xorijga chiqish zarurati tug‘ilganini ma’lum qilib, ijro hujjatidagi cheklovni bekor qilish yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Byuro xodimlari tomonidan qarzdorga ijro hujjatida ko‘rsatilgan taraflarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, aliment to‘lovlari bo‘yicha vujudga kelgan qarzdorlikni bartaraf etish tartiblari tushuntirildi. Ayni vaqtda ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonun talablariga muvofiq, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash yoki uni o‘z vaqtida to‘lamaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi yuzasidan ogohlantirildi. Mazkur holatda ijro hujjati ijrosini ta’minlash va voyaga yetmagan farzand manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.