Navoiyda arxeologik yodgorlik hududida noqonuniy oltin qazigan shaxs ushlandi
Navoiy viloyatida davlat muhofazasiga olingan hududda qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish faoliyatiga chek qo'yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ichki ishlar vazirligi xabariga ko'ra, 1986 yilda tug'ilgan fuqaro Navbahor tumanidagi "Sarmishsoy" darasidan auksion orqali sotib olingan olti gektarga yaqin maydonda ruxsatsiz qazish ishlarini tashkil etgan. Mazkur hudud arxeologik yodgorlik hisoblanib, qonun bilan muhofaza qilinadi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs 19 nafar ishchini yollab, tarkibida oltin bo'lgan tuproq va toshlarni qo'lbola usulda qazib olgan. Shundan so'ng maxsus sexda oltin zarrachalarini ajratib olish bilan shug'ullangan.
Tezkor tadbir natijasida noqonuniy ob'ektdan 6 kg oltin aralashgan qum, 1 kg 400 gr kimyoviy moddalar hamda metall eritish uskunalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, 4 ta yuk mashinasi va 4 ta maxsus texnika jarima maydoniga joylashtirildi.
Mutaxassislar xulosasiga ko'ra, tarixiy hududga va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 111 mlrd so'mdan oshgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.