May oyida bozor rastalarida paydo bo‘ladigan ilk tarvuzlar iste’molchilar salomatligi uchun ma’lum darajada xavf tug‘dirishi mumkin. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mutaxassislar erta hosilni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni va mevaning sifatiga jiddiy yondashishni tavsiya etishmoqda. Gap shundaki, mavsumidan oldin pishgan poliz mahsulotlari tarkibida nitrat va azot birikmalari me’yoridan ortiq bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Bu moddalar organizmga tushgach, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik, bosh aylanishi hamda oshqozon-ichak tizimi faoliyatining izdan chiqishi kabi noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Og‘irroq holatlarda esa inson organizmida zaharlanish alomatlari kuzatilishi hech gap emas.
Mahsulotning xavfsizligini uy sharoitida aniqlash uchun oddiy usuldan foydalanish mumkin. Buning uchun tarvuzning kichik bo‘lagini toza suv solingan idishga solib, bir yarim soat atrofida kutish kifoya.
Agar suv tiniq holicha qolsa, mahsulotni nisbatan xavfsiz deb hisoblash mumkin. Biroq suv rangi pushti, qizil yoki to‘q sariq tusga kirsa, bu tarvuz tarkibida kimyoviy moddalar ko‘pligidan dalolat beradi va uni iste’mol qilmaslik lozim.
Ayniqsa, bolalar, keksalar hamda homilador ayollar erta pishgan mahsulotlarni tanlashda juda hushyor bo‘lishlari kerak. Shifokorlar salomatlikni asrash maqsadida imkon qadar mavsumiy va tabiiy yo‘l bilan yetilgan meva-sabzavotlarni xarid qilishni maslahat berishadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0