
Jahon sog‘liqni saqlash tizimi hamda virusologiya yo‘nalishida muhim ilmiy yutuq qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Shu paytga qadar tibbiyot hamjamiyati tomonidan to‘liq davolab bo‘lmaydigan va bemor organizmida umrbod saqlanib qoladigan kasallik sifatida qaralib kelingan surunkali gepatit V virusiga qarshi samarali dori vositasi ishlab chiqildi. Mazkur infeksiya jigar sirrozi va saraton kabi og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi bilan xavfli hisoblanadi.
Yangi preparatni yaratish ustida Sechenov universiteti va R-Farm kompaniyasi mutaxassislari hamkorlikda ish olib borishdi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu dori vositasi virusni inson tanasidan butunlay yo‘q qilish imkonini beradi.
Klinik sinovlarning dastlabki bosqichlari ijobiy natijalarni ko‘rsatgan bo‘lib, bu kashfiyot global miqyosda sog‘liqni saqlash sohasida tub burilish yasashi kutilmoqda. Hozirda mutaxassislar dori vositasining xavfsizligi va samaradorligini tasdiqlash bo‘yicha qo‘shimcha kuzatuvlarni davom ettirmoqdalar.
Agar mazkur jarayon muvaffaqiyatli yakunlansa, millionlab bemorlar uchun shifo topish imkoniyati paydo bo‘ladi.






Izohlar
0