Ford Mustang negizida yangi to‘rt eshikli sedan yaratildi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Ford Mustang negizida yangi to‘rt eshikli sedan yaratildi

AQShdagi Ford dilerlari uchun tashkil etilgan yopiq taqdimotda afsonaviy Mustang sportkarining yangi to‘rt eshikli sedan varianti namoyish etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Automotive News, Wall Street Journal hamda Autocar.co.uk nashrlarining ma’lum qilishicha, ushbu qadam kompaniyaning jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan nufuzli nemis avtomobillari, xususan, BMW M3 va Audi RS5 modellariga jiddiy raqobatchi tayyorlash borasidagi aniq strategiyasini anglatadi. Ford rahbariyati an’anaviy sportkar konsepsiyasini oilaviy va kundalik foydalanish uchun qulayroq bo‘lgan sedan shakliga o‘tkazish orqali xaridorlar doirasini kengaytirishni maqsad qilgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, mazkur yangilik brend tarixidagi katta burilish nuqtalaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha yangi modelning texnik tavsiflari va bozorga chiqarilish sanasi haqida rasmiy ma’lumotlar to‘liq oshkor etilmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar ushbu avtomobil Ford kompaniyasining yuqori unumdorlikka ega mashinalar segmentidagi mavqeini mustahkamlashiga ishonch bildirishmoqda.

Kompaniya vakillari mazkur loyiha orqali nafaqat sport uslubidagi avtomobillar ixlosmandlarini, balki amaliy qulaylikni qadrlaydigan haydovchilarni ham o‘ziga jalb etishni rejalashtirgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish