Dengiz bodringi to‘qimalarining uzoq vaqt tirik qolishi aniqlandi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish5

Dengiz bodringi to‘qimalarining uzoq vaqt tirik qolishi aniqlandiNyu-faundlend Memorial universiteti vakillari dengiz bodringlarining biologik xususiyatlari borasida kutilmagan ilmiy xulosalarga kelishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ixbt.com nashrining yozishicha, katta ilmiy xodim Rachel Sipler boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi ushbu jonzotlarning tanasidan ajralgan toʻqimalar nafaqat uzoq vaqt tirik qolishi, balki rivojlanishda davom etish qobiliyatiga egaligini aniqlashdi. Tadqiqot tasodifiy kuzatuvdan boshlangan: mutaxassislar Psolus fabricii turiga mansub dengiz bodringining kesib olingan ambulakral oyogʻi uzoq muddat davomida chirimay, oʻz hayotiyligini saqlab qolganiga eʼtibor qaratishdi.

Keyingi bosqichda oʻtkazilgan tajribalar davomida oyoqchalar, paypaslagichlar va tana devorlari oddiy dengiz suvida uch yildan ortiq muddat yashagan. Ajablanarlisi shundaki, ushbu toʻqimalar jarohatlarni davolab, oʻsish belgilarini namoyon etgan.

Odatda hayvonlar organizmidan ajralgan toʻqimalar tezda nobud boʻlishi maʼlum, biroq bu holatda hech qanday maxsus sharoitlar yaratilmaganiga qaramay, hujayralar oʻz faoliyatini toʻxtatmadi. Olimlarning taxminiga koʻra, toʻqimalar dengiz suvida erigan aminokislotalar va ozuqaviy moddalarni soʻrib olish orqali metabolizmni taʼminlagan.

Rachel Siplerning qayd etishicha, garchi toʻliq organizm tiklanmasa-da, hujayralarning yillar davomida oʻsishi va diversifikatsiyasi kuzatilmoqda. U ushbu jarayonni kaltakesak dumining yangi organizm shakllantirishiga qiyoslagan.

Mazkur kashfiyot tikanterililarning regeneratsiya qobiliyati haqidagi tasavvurlarni oʻzgartirib, kelajakda regenerativ tibbiyot va jarohatlarni davolash usullarini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish