
AQSh Transport vazirligi tijoriy kosmik parvozlar, kosmik apparatlarni Yerga qaytarish hamda kosmodromlar qurilishi bilan bog'liq litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur taklifga ko'ra, soha vakillari 13 ta federal qonun, jumladan, Milliy ekologik siyosat to'g'risidagi qonun (NEPA) talablariga rioya etish majburiyatidan ozod qilinishi mumkin. ixbt.com manbasiga tayanib aytish joizki, transport idorasi ushbu qadamni rasmiyatchiliklarni qisqartirish orqali kosmik sanoat rivojini jadallashtirish maqsadida amalga oshirmoqchi.
Vazirlik rasmiylari ta'kidlashicha, mazkur tartib-qoidalar jamoat xavfsizligi, shaxsiy mulkni muhofaza qilish hamda mamlakat milliy manfaatlariga bevosita daxldor bo'lgan holatlarda o'z kuchini saqlab qoladi. Biroq, umumiy litsenziyalash mexanizmini yengillashtirish orqali kosmik faoliyatni tartibga solish tizimini yanada samaraliroq va moslashuvchan qilish ko'zda tutilgan.
Bu o'zgarishlar xususiy kompaniyalarning kosmik infratuzilmani yaratish va parvozlarni amalga oshirish jarayonidagi byurokratik to'siqlarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Hozircha ushbu tashabbus yuzasidan tegishli organlar tomonidan tahliliy ishlar olib borilmoqda.






Izohlar
0