
O'zbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtirildi. O'zbekiston Markaziy banki tomonidan qabul qilingan yangi qarorga muvofiq, mazkur sohada bir qator muhim o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Ushbu yangiliklar, avvalo, tadbirkorlar va aholi uchun jarayonlarni soddalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yangi tartibga ko'ra, yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish uchun taqdim etilgan buyurtmalarda kichik texnik yoki imloviy xatolar aniqlansa, ularni qaytadan yuborish shart emas. Endi mijozlar ushbu kamchiliklarni joyida turib tuzatish imkoniyatiga ega bo'ladi. Regulyator ta'kidlaganidek, amaliyotda aynan shunday mayda xatolar sabab ko'plab operatsiyalar rad etilardi va bu tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt yo'qotishga olib kelardi. Shuningdek, bank kassalari orqali naqd chet el valyutasini berish tartibi ham aniq va ravshan qilib belgilab qo'yildi. Unga muvofiq, jismoniy shaxslar o'z hisobvaraqlaridagi mablag' doirasida valyutani cheklovlarsiz yechib olish huquqiga ega bo'ladi. Yuridik shaxslar uchun esa naqd valyuta faqat belgilangan va asoslangan maqsadlar doirasida taqdim etiladi. Yana bir muhim yangilik — barcha valyuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn tarzda amalga oshiriladigan tranzaktsiyalar yagona tizim orqali hisobga olinadi. Bu esa bozordagi pul aylanmasi va harakatini shaffof kuzatish, tahlil qilish hamda nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi. Qaror doirasida jismoniy shaxslar uchun bir qator qulayliklar ham joriy etildi. Endi fuqaroligi qaysi davlatga tegishli bo'lishidan qat'i nazar, barcha jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali shaxsiy maqsadlarda (ya'ni nosavdo operatsiyalarida) bir-biriga erkin pul o'tkazishlari mumkin. Bundan tashqari, xorijliklar ham mamlakat ichida ustav fondiga mablag' kiritish, xayriya qilish yoki meros bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshirish imkoniga ega bo'ldi. Kapital bozori ishtirokchilari uchun ham sezilarli yengilliklar yaratildi. Endi yuridik shaxslar chet el valyutasida chiqarilgan qimmatli qog'ozlar bo'yicha to'lovlarni amalga oshirish uchun valyuta sotib olishda ortiqcha hujjatlar taqdim etmaydi. Buning uchun qimmatli qog'oz chiqarilganini tasdiqlovchi asosiy hujjatning o'zi yetarli bo'ladi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun ham muhim imkoniyatlar ochildi — ular fond bozorida qimmatli qog'ozlarni sotishdan tushgan mablag'larini o'z murojaatiga asosan erkin tarzda chet elga olib chiqishlari mumkin bo'ladi. Bu esa mamlakat investitsion muhitini yanada jozibador qiladi. Ma'lumot o'rnida aytish joiz, mazkur qaror 2026 yil 30 mart kuni qabul qilinib, O'zbekiston Adliya vazirligi tomonidan 22 aprel kuni davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Rasmiy e'lon qilingan sanadan boshlab hujjat kuchga kirdi. Qisqasi, yangi o'zgartishlar valyuta bozoridagi jarayonlarni yengillashtirish, shaffoflikni oshirish va tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiyotning kelgusi rivojiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi kutilmoqda. Shuhrat Razzakov «UZ.NEWS» muharriri + UZ.NEWS saytini Googlega qo'shing Ctrl Enter Xato topdingizmi? Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Yoqdi 0 Yoqmadi 0