Vashingtonda Tramp ishtirok etgan tadbirda o'q ovozlari eshitildi
AQSh prezidenti Tramp ishtirok etayotgan tadbirda kutilmagan favqulodda holat qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. 25 aprel kuni Vashingtondagi Hilton mehmonxonasida noma'lum shaxs tomonidan o'q otilgani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Hodisa Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining an'anaviy kechki ziyofati davomida yuz bergan.
O'sha vaqtda binoda davlat rahbari nutqini kutayotgan yuzlab mehmonlar bo'lgan. Vaziyatga xavfsizlik xizmatlari zudlik bilan aralashib, mehmonxonaning asosiy hududlarini qurshab oldi.
Guvohlar bergan ma'lumotga ko'ra, tadbir vaqtida 5 tadan 8 tagacha o'q ovozi eshitilgan. Dastlabki surishtiruvlar qurollangan shaxs bevosita ziyofat zaliga kirmaganini, balki mehmonxonaning boshqa qismida harakatlanganini ko'rsatmoqda.
Tadbirda prezidentdan tashqari Melaniya Tramp, Jeyms Devid Vens, Pit Hegset hamda Marko Rubio kabi yuqori martabali shaxslar ishtirok etayotgan edi. Barcha mehmonlar va amaldorlar binodan tezkor ravishda evakuatsiya qilindi.
Keyinchalik Oq uy rasmiylari gumonlanuvchi qo'lga olinganini e'lon qildi. Tramp ushbu xabarni tasdiqlab, maxsus xizmat idoralarining professional va qat'iy harakatlariga yuqori baho berdi.
Hodisa sababli rejalashtirilgan uchrashuvlar boshqa muddatga ko'chirildi. Hozirda voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.