
Qirg‘iziston hukumati kelgusi besh-olti yil davomida mamlakatdagi barcha umumta’lim maktablarini to‘liq raqamli o‘quv qo‘llanmalariga o‘tkazishni maqsad qilgan. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ushbu tashabbus haqida prezident Sadir Japarov Alamudin tumani aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi. Mazkur qarorning qabul qilinishiga ota-onalar tomonidan bildirilgan ko‘plab e’tirozlar sabab bo‘lgan.
Xususan, o‘quvchilarning kundalik ravishda og‘ir ryukzak ko‘tarib yurishi natijasida ularning bel va bo‘yin qismlarida og‘riqlar kuzatilayotgani, shuningdek, jismoniy zo‘riqishlar yuzaga kelayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bundan tashqari, amaldagi ayrim darsliklarning mazmun-mohiyati va ulardagi ma’lumotlarning sifati jamoatchilik tomonidan tanqid qilinmoqda.
Ta’lim vaziri Dogdurkul Kendirbayeva ushbu o‘zgarishlar doirasida darsliklar sifatini yaxshilash va o‘quv jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilishini qayd etdi. Elektron tizimga o‘tish o‘quvchilarni og‘ir yuklardan xalos qilish bilan birga, ta’lim sifatini oshirish va o‘quv materiallariga bo‘lgan kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hukumat ushbu loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirmoqda.






Izohlar
0