
Pentagon Eron bilan bog'liq harbiy harakatlarda AQShni qo'llab-quvvatlamagan NATO a'zolariga nisbatan chora-tadbirlarni muhokama qilmoqda. Xorijiy OAV xabariga ko'ra, ko'rib chiqilayotgan variantlar orasida Ispaniyaning alyansdagi a'zoligini vaqtincha suspenziya qilish masalasi ham bor. Bundan tashqari, muammoli hisoblangan davlatlar vakillarini NATO tarkibida mavjud muhim lavozimlardan chetlashtirish va Vashingtonning Folklend orollari bo'yicha pozitsiyasini qayta ko'rib chiqish imkoniyatlari ham ko'tarilmoqda.
Ispaniya hukumati o'z hududidagi harbiy bazalar va havo hududidan Eronga qarata zarba berish maqsadida foydalanishni man etgani Oq uyning noroziligini keltirib chiqardi. Pentagonning ichki hujjatlarida Ispaniyaning a'zoligini to'xtatish harbiy operatsiyalarga unchalik ta'sir qilmasligi, ammo kuchli ramziy ahamiyatga ega bo'lishi qayd etilgan. Biroq, bunday qarorning amalga oshishi uchun NATOning barcha 32 a'zo davlatlarining roziligi zarur.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bu borada izoh berib, Madridning NATOga sodiqligini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, Ispaniya alyans bilan to'liq hamkorlik qilishga tayyor, lekin bu hamkorlik faqat xalqaro huquq doirasida amalga oshirilishi kerak. Germaniya hukumati esa Ispaniyaning NATOdagi maqomini o'zgartirish uchun asos yo'q ekanligini bildirdi.
Oldinroq AQSh NATO a'zolarini "yaxshi" va "yomon" deb baholash bo'yicha ro'yxat tuzganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Eron kampaniyasini qo'llab-quvvatlashdan bosh tortgan davlatlar ikkinchi ro'yxatga kiritilgan. Shuningdek, AQSh mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha yetkazmagan davlatlarni ovoz berish huquqidan mahrum qilish usullarini ham o'rganayotgani ma'lum bo'ldi.