
Hindiston bo‘ylab tashkil etilgan xalqaro media-tur doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatning moliyaviy va sanoat markazi hisoblangan Mumbay shahriga yetib keldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Safar dasturidagi asosiy tadbirlardan biri sifatida dunyodagi eng yirik shahar boshqaruv organlaridan biri sanalgan Brihanmumbay munitsipal korporatsiyasi (BMC) qarorgohida rasmiy uchrashuv hamda maxsus brifing o‘tkazildi. Mazkur bino nafaqat muhandislik yechimlari, balki o‘ziga xos me’moriy yechimlari bilan ham e’tiborga molik.
Uchrashuv davomida tomonlar shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda munitsipal boshqaruv tizimini raqamlashtirish masalalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashishdi. BMC vakillari megalopolisni boshqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda kuzatuv tizimlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, media-tur ishtirokchilari mazkur tajribani o‘rganish va uni o‘z mamlakatlarida tatbiq etish imkoniyatlari xususida qiziqarli savollar bilan murojaat qilishdi. Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi axborot almashinuvi va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.






Izohlar
0