
Xavi Simons og'ir jarohat tufayli mavsumning qolgan qismini o'tkazib yuboradi "Tottenxem" yarim himoyachisi Xavi Simons Angliya Premyer ligasining navbatdagi turida "Vulverxempton"ga qarshi kechgan bahsda og'ir jarohat oldi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Tibbiy ko'rik natijasiga ko'ra, niderlandiyalik futbolchining tizzasidagi xochsimon bog'lamlari uzilgani ma'lum bo'ldi. Ushbu jarohat sababli Simons joriy mavsumda boshqa maydonga tusha olmaydi va bo'lajak Jahon chempionatini ham o'tkazib yuboradi.
Shifokorlarning taxminiga ko'ra, u faqat keyingi yilning boshida mashg'ulotlarga qaytishi mumkin. Mazkur holat yuzasidan futbolchining o'zi ham munosabat bildirdi.
Jurnalist Ben Jeykobs Simonsning so'zlaridan iqtibos keltirdi: "Hayot gohida shafqatsiz bo'lar ekan, hozir buni o'z tanamda his qilib turibman. Mavsum men uchun kutilmaganda yakunlandi, buni hali ham anglashga harakat qilyapman.
To'g'risini aytsam, ruhan ezilganman. Hozir hamma narsa o'z ma'nosini yo'qotgandek tuyulmoqda.
Yagona istagim jamoa uchun kurashish edi, biroq endi bu imkoniyatdan, shuningdek, Jahon chempionatida ishtirok etish baxtidan mahrum bo'ldim". Ma'lumot uchun, ushbu mavsum Xavi Simons uchun "Tottenxem" safidagi debyut yil hisoblanadi.
U o'tgan yozgi transfer oynasida "RB Leypsig" klubidan London jamoasi tarkibiga kelib qo'shilgan edi. Endilikda "shporlar" mavsumning hal qiluvchi qismida yetakchi yarim himoyachisiz harakat qilishlariga to'g'ri keladi.