
Ispaniya chempionatining navbatdagi turida "Real Madrid" safarda "Betis" bilan 1:1 hisobida durang o'ynadi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mazkur uchrashuv yakunlanishi arafasida hujumchi Kilian Mbappe kutilmaganda zaxiraga olinishini so'radi. Biroq vaziyatning jiddiyligi o'yin tugaganidan so'ng yaqqol ko'zga tashlandi.
The Touchline nashrining ABC ma'lumotlariga tayanib xabar berishicha, "Real Madrid" rahbariyati va murabbiylar shtabi Mbappening harakatidan norozi bo'lgan. Yulduzli futbolchi maydonni tark etayotganida taymerga qisqa nazar tashlagan va jamoasining o'yinni yakunlashini kutmasdan, to'g'ri kiyinish xonasiga yo'l olgan.
Ushbu holat klub ichidagi intizom masalasini kun tartibiga chiqardi. Madridliklarning ochko yo'qotishi fonida "Barselona" o'z imkoniyatidan unumli foydalandi.
Kataloniyaliklar "Xetafe" ustidan 2:0 hisobida g'alaba qozonib, turnir jadvalidagi farqni 11 ochkoga yetkazdi. Endilikda "Barselona" navbatdagi turdayoq, "El-klasiko" uchrashuviga qadar muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin.
"Real Madrid" navbatdagi bahsini 3-may kuni "Espanol"ga qarshi o'tkazadi.