
Italiya A Seriyasining 34-turidan o'rin olgan so'nggi uchrashuvda "Atalanta" jamoasi safarda "Kalyari"ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mazkur mag'lubiyat bergamoliklar uchun turnir jadvalida "Roma" bilan raqobatlashish va kuchli to'rtlikka yaqinlashish imkoniyatlarini biroz pasaytirdi. Uchrashuv yakunlangach, "Atalanta" bosh murabbiyi Raffaele Palladino o'yin borasidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Mutaxassis jamoasining mag'lubiyatiga birinchi navbatda o'yinning yomon boshlangani sabab bo'lganini ta'kidladi. "Biz uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq gol o'tkazib yubordik, aynan shu holat mag'lubiyatimizga asosiy sabab bo'ldi deb hisoblayman.
O'yinni yomon boshladik, maydonda energiya yetishmadi. Bundan tashqari, Italiya kubogi yarim finalidan so'ng futbolchilarning kuchi ancha kamaygani ham o'z so'zini aytdi.
Mag'lubiyatdan afsusdaman, muxlislar ishonchini oqlay olmaganimizdan xafaman. Endi yevrokuboklar yo'llanmasi uchun kurash biz uchun yanada murakkablashdi", — deya Palladino so'zlarini keltirmoqda calcioatalanta.it nashri.
Ma'lumot uchun, ushbu mag'lubiyatdan so'ng "Atalanta" Italiya chempionati turnir jadvalida yettinchi o'rinni egallab turibdi. Jamoa navbatdagi uchrashuvlarda yo'qotilgan ochkolar o'rnini to'ldirishga harakat qiladi.