«Mets» Fransiya chempionatida 64 yillik natijani takrorladi

0
«Mets» Fransiya chempionatida 64 yillik natijani takrorladi
Fransiya chempionatining 31-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Gavr» hamda «Mets» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv turning eng sermazmun o‘yiniga aylandi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Mazkur bahsda jamoalar darvozalarga jami sakkizta gol urib, 4:4 hisobidagi durang natijani qayd etishdi. O‘yin davomida maydon egalari bo‘lmish «Gavr» to‘rt marotaba hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lsa-da, har safar «Mets» futbolchilari muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi.

Ushbu natija orqali turnir jadvalining quyi pog‘onalarida borayotgan «Mets» muhim ochkoni qo‘lga kiritish bilan birga, Fransiya chempionati tarixidagi nodir ko‘rsatkichni takrorladi. «Mets» bir o‘yin davomida to‘rt bor hisobda ortda qolib, yakunda mag‘lubiyatdan qutulib qolgan liga tarixidagi ikkinchi klubga aylandi.

E’tiborli jihati shundaki, bunday holat chempionatda so‘nggi bor bundan 64 yil avval, ya’ni 1960-yilning avgust oyida kuzatilgan edi. O‘shanda ham mazkur natija aynan «Gavr» ishtirokidagi bahsda qayd etilgan bo‘lib, jamoa «Rasing» klubiga qarshi o‘yinda to‘rt marta hisobni tenglashtirishga erishgan.

Shunday qilib, «Gavr» va «Mets» o‘rtasidagi durang Fransiya futboli solnomasidan joy oladigan bo‘ldi.
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Sport yangiliklari