
Fransiya chempionati 31-turi doirasida «Gavr» o'z maydonida «Mets» jamoasini qabul qildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Gollarga boy bo'lgan uchrashuv 4:4 hisobidagi durang bilan yakunlandi. O'yin mezbonlarning faol hujumlari bilan boshlandi va 5-daqiqadayoq Mbvana Samatta hisobni ochdi.
Mehmonlar bunga 9-daqiqada Georgiy Kvilitaianing goli bilan javob qaytarib, muvozanatni tikladi. Oradan ko'p o'tmay, Yasin Kexta mezbonlarni yana oldinga olib chiqdi, biroq tanaffus arafasida Gotye En «Mets»ning ikkinchi golini urishga muvaffaq bo'ldi.
Ikkinchi bo'lim ham shiddatli kechdi. 51-daqiqada Yanis Zuaui penaltini aniq amalga oshirib, «Gavr»ni hisobda oldinga chiqardi.
Shunga qaramay, mehmonlar yarim himoyachisi Jayann Pandor oradan ikki daqiqa o'tib vaziyatni tenglashtirdi. 60-daqiqada Fode Dukur tomonidan kiritilgan gol mezbonlarga g'alaba umidini bergandek edi, ammo Gotye En uchrashuv yakunida dubl qayd etib, jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.
Ushbu durangdan so'ng «Gavr» 31 ochko bilan Fransiya chempionati turnir jadvalida 14-o'rinni egallab turibdi. «Mets» esa 16 ochko bilan 18-pog'onadan joy olgan.