
Domeniko Tedesko "Bolonya" bosh murabbiyi lavozimidan atigi to‘rt o‘yin o‘tgach, iste’foga chiqarildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mutaxassis klub bazasini tark etayotgan vaqtda o‘z avtomobilini boshqarib ketayotgan edi. Shunga qaramay, "Spartak" klubining sobiq ustozi jurnalistlarga bir necha daqiqa ajratib, qisqacha intervyu berdi.
"Biz o‘zaro nimalar haqida gaplashganimiz sir bo‘lib qoladi. Bu shahar meni juda iliq kutib oldi, shu bois bu yerda uzoqroq qolishni istagan edim.
Juda ham afsusdaman. Futbol shunaqa, ammo bu yerdagi odamlar eng yaxshi natijalarga loyiq", - deya Tedeskoning so‘zlarini keltiradi Goal portali.
Shuningdek, Domeniko Tedesko "Bolonya" jamoasiga kelgusida muvaffaqiyatlar tiladi. Mutaxassis yozgi transferlar oynasi davomida klub rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan ishlarni yoki tarkibni shakllantirish jarayonini ommaviy axborot vositalari oldida tanqid qilishdan tiyildi.
Eslatib o‘tamiz, "Bolonya" joriy mavsumdagi dastlabki to‘rt turdan so‘ng atigi bir ochko jamg‘argan holda Italiya A seriyasi turnir jadvalida 16-o‘rinni egallab turibdi. Klub rahbariyati yomon natijalar sababli shunday qarorga kelganini ma’lum qildi.






Izohlar
0