
O'zbekistonda kripto-iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Prezidentning PQ–143-son qaroriga binoan, Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida “Besqala Mining Valley” nomli kripto-mayning uchun maxsus zona tashkil etiladi. Ushbu qaror Qoraqalpog'istonning barcha hududini qamrab oladi va bu yerda mayning faoliyati uchun bitta energetika tizimidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Maxsus zonada qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiya hamdan foydalanish rejalashtirilgan. Ishtirokchilarga kripto-aktivlar bilan keng miqyosda operatsiyalar amalga oshirish huquqi beriladi, jumladan, mayning orqali olingan raqamli aktivlarni milliy yoki xalqaro platformalarda sotish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, aktivlarni boshqa kripto-valyutalarga almashtirish yoki to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida sotish mumkin bo'ladi.
Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi direktsiyasi tuziladi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi esa mayning faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish uchun asosiy organ etib belgilangan. Rezident bo'lishni istagan kompaniyalar direktsiyaga murojaat qilib, ruxsatnoma olishlari kerak bo'ladi.
Qarorga ko'ra, 2035 yil 1 yanvargacha ushbu zonaning rezidentlari mayning faoliyatidan oladigan daromadlari barcha soliq va yig'imlardan ozod etiladi. Loyiha Qoraqalpog'istonni mintaqaviy kripto markazga aylantirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0