
Prezident Shavkat Mirziyoyevning kino sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvi davomida yosh rejissyor Munisa Magametibragimova ham so‘zga chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Davlat rahbari yosh ijodkorning erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etib, uni «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlash haqidagi qarorini ma’lum qildi. Munisa Magametibragimova o‘zining yuqori salohiyati va bilimini xalqaro miqyosda namoyon etgan iqtidorli yoshlardan hisoblanadi.
Xususan, u Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga (VGIK) kirish imtihonlarida maksimal natija qayd etib, 300 balldan 300 ball to‘plagan holda davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan. Ayni paytda u o‘zining qisqa metrajli filmlari orqali tomoshabinlar va mutaxassislar e’tiborini qozonib kelmoqda.
Mazkur uchrashuv yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy kinematografiyani rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining muhim qismi sifatida baholandi. Davlat rahbarining yosh iste’dod egasiga ko‘rsatgan yuksak e’tibori sohadagi boshqa yoshlar uchun ham katta rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.






Izohlar
0