XPeng P7 elektromobili drift bo'yicha Ginnes rekordini o'rnatdi
Xitoyning «XPeng Motors» kompaniyasi rahbari He Syaopen yangilangan «XPeng P7» elektromobili Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilganini e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mazkur avtomobil nam yo'lda to'xtovsiz drift qilish bo'yicha jahon miqyosidagi o'ziga xos natijani qayd etdi. Ixbt.com nashrining xabar berishicha, sinov jarayonida elektromobil boshqariladigan sirpanish holatida 73,594 kilometr masofani bosib o'tishga muvaffaq bo'ldi.
Rekord o'rnatish jarayoni 1 soat 33 daqiqa davom etdi. Bu vaqt ichida avtomobil Suchjou shahridagi maxsus poligonning 216 ta aylanasini to'liq bosib o'tdi.
Poligon yuzasi muzlagan yoki qorli yo'l muhitini yaratish uchun maxsus keramika bilan qoplangan bo'lib, tishlashish koeffitsiyenti 0,3 darajani tashkil etgan. Kompaniya muhandislari ushbu test shassi va elektr tizimlarining yuqori barqarorligini isbotlaganini ta'kidladi.
Yangi «XPeng P7» modeli sirpanchiq yo'llarda xavfsiz manevr qilishni ta'minlovchi AES faol tizimi bilan jihozlangan. «Xiaomi» asoschisi Ley Szyun «XPeng» jamoasini ushbu yutuq bilan rasman tabrikladi.
Shuningdek, 2026 yilgi «XPeng P7+» modeli haqida ham ma'lumot berildi. Mazkur modelning elektr versiyasi 725 kilometr, gibrid varianti esa 1 550 kilometrgacha masofa bosib o'tish imkoniyatiga ega.