Xiaomi kompaniyasi Mijia Smart Electric Water Heater C 60L aqlli suv isitish qurilmasini namoyish etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ixbt.com nashrining yozishicha, EWH60-MJ06 indeksli ushbu model hozirda Xitoyning Youpin platformasida 799 yuan yoki taxminan 110 AQSh dollari qiymatida sotilmoqda. Kelgusida chakana savdo nuqtalarida mahsulot narxi 145 AQSh dollarigacha ko'tarilishi kutilmoqda.
Maishiy foydalanish uchun ishlab chiqilgan mazkur texnika 2 200 Vt quvvatli isitish elementi bilan ta'minlangan bo'lib, energiya sarfini tejash barobarida suvni qisqa muddatda isitish imkoniyatiga ega. Qurilmaning texnik imkoniyatlari diqqatga sazovordir.
Xususan, 60 litrli bak hajmiga ega bo'lishiga qaramay, maxsus tizim yordamida 360 litr issiq suv ekvivalentini taqdim eta oladi. Ishlab chiqaruvchi ma'lumotlariga ko'ra, isitgich 72 daqiqa davomida to'xtovsiz issiq suv yetkazib beradi, bu esa ko'p kishilik oilalar ehtiyojini to'liq qoplaydi.
Isitgich birinchi darajali energiya tejamkorligi va IPX4 namlikdan himoya tizimi bilan jihozlangan. O'lchamlari 740 x 461 x 432 mm bo'lgan ushbu uskuna vanna xonalarida xavfsiz foydalanish uchun moslashtirilgan.
Shuningdek, yangi model Xiaomi kompaniyasining aqlli uy ekotizimiga to'liq integratsiya qilingan bo'lib, masofadan boshqarish imkoniyatini taqdim etadi.