Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq firibgarlik holati qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 66 yoshli Sobirjon R. uyini 55 ming dollar evaziga sotishni va’da qilib, xaridordan 20 ming dollar miqdorida zakalat pulini qabul qilib olgan.
Biroq kelishuvdan so‘ng sotuvchi o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgan va bir yil davomida notarial idoraga kelishni paysalga solib kelgan. Natijada xaridor na uyga ega bo‘lgan va na bergan mablag‘ini qaytarib olgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayoni davom etmoqda.
Ushbu voqea uy-joy oldi-sotdisida og‘zaki kelishuvlar qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatadi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqarolarni har qanday moliyaviy operatsiyani, xususan, zakalat to‘lovlarini faqat notarial tartibda rasmiylashtirishga chaqirmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mulk xarid qilishdan avval hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish va barcha kelishuvlarni qonuniy asosda qayd etish zarur. Rasmiy hujjatlarsiz amalga oshirilgan harakatlar fuqarolarning yillab yig‘gan mablag‘laridan ayrilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ishonchli tuyulgan bitimlar ham notarius tasdig‘isiz moliyaviy yo‘qotishlar bilan yakunlanishi hech gap emas.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0