Redmi K90 Max smartfoni 3–4 ming yuanlik narx segmentida rekord o'rnatdi
Xiaomi kompaniyasi yangi taqdim etilgan Redmi K90 Max smartfonining dastlabki savdo ko'rsatkichlarini o'rtoqlashdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Qurilma sotuvga chiqarilganidan so'ng atigi 4 soat o'tib, barcha onlayn savdo maydonchalarida 3–4 ming yuanlik narx toifasida yillik rekordni yangiladi va savdolar hajmi bo'yicha yetakchilikni qo'lga kiritdi. Bu haqda Ixbt.com xabar bermoqda.
Mazkur modelning boshlang'ich narxi 3 499 yuan yoki taxminan 515 AQSh dollari miqdorida belgilangan edi. Biroq savdolarning dastlabki bosqichida barcha modellar uchun 300 yuan miqdorida subsidiya ajratilmoqda, natijada smartfon narxi 470 AQSh dollarigacha pasaydi.
Shuningdek, Xitoyning ba'zi hududlarida iste'molchilar uchun qo'shimcha milliy subsidiyalar ham amal qilmoqda. Redmi K90 Max Xiaomi brendi tarixida ichki sovutish ventilyatori bilan jihozlangan ilk qurilma bo'ldi.
Smartfon Dimensity 9500 protsessori yordamida ishlaydi. Qurilmaga 8 550 mA/soat sig'imli akkumulyator o'rnatilgan bo'lib, u 100 vattli tezkor quvvatlash tizimini qo'llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, yangi model IP69 standarti asosida suv va changdan yuqori darajadagi himoyaga ega.