Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan 33 yoshli ayol firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun qonun oldida javob berdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ayblanuvchi Qarshi tumanidagi xonadonlardan biriga kirib, dastlab ichimlik suvi uchun idish so‘rash bahonasida muloqotni boshlaydi. Uy egasi bilan tanishgach, u o‘zini folbin va duolarni qaytaruvchi shaxs sifatida ko‘rsatib, oila a’zolariga, xususan, farzandiga nisbatan yovuz kuchlar tomonidan zararli duo qilinganini aytib, xonadon bekasini qo‘rqitgan.
Vaziyatni o‘z foydasiga hal qilgan ayol, go‘yoki sehrni yo‘qotish va oilani kulfatlardan asrash uchun qimmatbaho buyumlarni talab qilgan. Natijada u umumiy qiymati 15 000 000 so‘mga teng bo‘lgan ikkita tilla uzukni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Jinoyatchi ushbu tilla taqinchoqlarni tez fursatda sotib yuborib, tushgan mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv jarayonida mazkur shaxsning qilmishlari to‘liq fosh etildi.
Sud majlisida ayolning aybi isbotlanib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobari hajmida jarima jazosi tayinlandi. Mutasaddilar fuqarolarni notanish shaxslarning aldovlariga ishonmaslikka va hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0