Istanbulda yuz bergan YTHda o‘zbekistonlik oila vafot etdi

0
Turkiyaning Istanbul shahrida yuz bergan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan bir oila a’zolari – er, rafiqa va ularning ikki oylik farzandi vafot etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur fojiali voqea haqida mahalliy OAV, xususan, Hürriyet nashri o‘z sahifalarida ma’lumot tarqatdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘ngilsizlik 11 iyun kuni erta tongda, taxminan soat 06:00 atrofida yuz bergan.

Hodisa Istanbulning Chekmeko‘y tumani hududidan o‘tuvchi Shimoliy Marmara avtomagistralida sodir bo‘lgan. Sabiha Go‘kchen aeroporti yo‘nalishida harakatlanayotgan yengil avtomobil boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan.

Zarba kuchi oqibatida yengil avtomobil ichida bo‘lgan o‘zbekistonlik oila a’zolari voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qurbonlarning shaxsi va ularning mamlakatga qaytarilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari vaziyatni nazoratga olgan. Hodisa tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar tekshiruv yakunlangach taqdim etilishi kutilmoqda.

Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Jamiyat yangiliklari