Davron Ergashev soliq to'lashdan norozi bo'lgan xonandalarni tanqid qildi
Xonanda Davron Ergashev ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo'lgan chiqishida ayrim hamkasblarining soliq masalasidagi pozitsiyasini keskin qoraladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. San'atkor o'z tanqidiy fikrlarini aynan daromadi yuqori bo'lgan va to'ylarda katta mablag' evaziga xizmat ko'rsatadigan ijodkorlarga qaratganini ma'lum qildi. Ergashevning so'zlariga ko'ra, uning avvalgi bayonotlariga nisbatan bildirilgan salbiy izohlarda mahalliy xonandalarning ham hissasi bor.
Biroq ijrochi o'z e'tirozlari barcha san'atkorlarga emas, balki reytingi baland va bir marotaba to'yga chiqish narxi 6 mln so'mdan yuqori bo'lgan shaxslarga tegishli ekanini tushuntirdi. Davron Ergashev: «Oddiy ko'chadagi pistachi ham soliq to'laydi-ku, nega biz — san'atkorlar — to'lay olmaymiz?
Agar 1 000 dollarga to'yga borsangiz, kamida 100 dollar soliq to'lash qiyinmi? Bu uyat emasmi?» San'atkor soliq majburiyatlariga beparvo qarashni uyatli holat deb baholadi va bu borada boshqa qo'shimcha izoh berishni istamadi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati xonandaning ushbu fikrlarini qo'llab-quvvatlab, san'at sohasida ham moliyaviy intizom muhimligini ta'kidlamoqda.