Apple foydalanuvchisi o'g'irlangan Mac mini kompyuterini internet orqali topdi
AQShda yashovchi Reddit foydalanuvchisi o'ziga tegishli bo'lgan Mac mini kompyuterini o'g'irlagan shaxsni onlayn savdo platformasidan topishga muvaffaq bo'ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Vanifest0 taxallusi bilan ro'yxatdan o'tgan jabrlanuvchi ushbu qurilmani mart oyi o'rtalarida buyurtma qilgan edi. Ixbt.com nashrining yozishicha, bozordagi taqchillik tufayli xaridor kompyuterni qariyb to'rt hafta kutishiga to'g'ri kelgan.
Yetkazib berish jarayonida "FedEx" kuryeri qutini xonadon eshigi oldida emas, balki binoning umumiy yo'lagida qoldirgan, oqibatda qurilma noma'lum shaxs tomonidan o'g'irlab ketilgan. Jabrlanuvchi voqea haqida ish beruvchisiga so'zlab bergach, rahbar unga o'g'irlangan texnikalar ko'pincha "Facebook Marketplace" platformasida sotilishini aytib, u yerni kuzatishni tavsiya qilgan.
Oradan ko'p o'tmay, foydalanuvchi savdo maydonchasidagi e'lonlardan birida o'z kompyuterini tanib qoldi. Suratda qurilmaning seriya raqami va avtomobilning davlat raqami aks etgan edi.
Seriya raqami xarid chekidagi ma'lumotlar bilan to'liq mos kelgan. Shuningdek, suratdagi avtomobil aynan jabrlanuvchi yashaydigan turar joy binosi turargohida turgani aniqlangan.
Bu holat o'g'ri ham shu binoda istiqomat qilishini tasdiqladi. Mazkur dalillar aniqlangach, kompyuter egasi politsiya va uy boshqaruv kompaniyasiga rasmiy ariza bilan murojaat qildi.
Apple kompaniyasi vaziyatni o'rganib chiqib, mijozga yangi qurilma yuborishga qaror qildi. Biroq mahsulot yetishmovchiligi sababli foydalanuvchi yangi kompyuterni iyun oyigacha kutishi ma'lum qilindi.