
Yevropa Ittifoqi raqamli makonda xavfsizlikni ta’minlash va o‘sib kelayotgan avlodning ruhiy salomatligini himoya qilish yo‘lida misli ko‘rilmagan darajadagi yangi cheklovlarni joriy etmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen tomonidan taqdim etilgan ushbu tashabbus mintaqadagi millionlab oilalar kundalik turmush tarziga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Yangi qoidalarga muvofiq, Yevropa Ittifoqi hududida 13 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bo‘yicha qat’iy taqiq o‘rnatilmoqda.
Rasmiylarning fikricha, mazkur chora voyaga yetmaganlarni onlayn muhitdagi salbiy ta’sirlardan asrash, kiberbulling hamda zararli kontent xavfini kamaytirishga qaratilgan. Ushbu qaror texnologiya kompaniyalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Endilikda platformalar foydalanuvchilarning yoshini aniqlash bo‘yicha yanada murakkab va ishonchli tizimlarni joriy etishga majbur bo‘ladi. Yevroittifoq mazkur qadam orqali raqamli dunyoda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global standartlarni belgilashni maqsad qilgan.
Hozirgi kunda mazkur tartib-qoidalarni hayotga tatbiq etish mexanizmlari va ularning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish jarayoni muhokama qilinmoqda.






Izohlar
0