AQShda sodir bo'lgan shov-shuvli hodisa tafsilotlari ochiqlandi
AQSh bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Todd Blansh NBC telekanaliga bergan intervyusida qo'lga olingan gumonlanuvchi tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotganini ma'lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Huquqni muhofaza qilish organlari o'tkazgan dastlabki tahlillarga ko'ra, ushlangan shaxs Oq uy muxbirlari uyushmasining kechki tadbirida qatnashgan ma'muriyat vakillariga hujum qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, uning rejalari orasida AQSh prezidenti Trampga qarshi suiqasd uyushtirish maqsadi ham bo'lgani taxmin qilinmoqda.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, gumonlanuvchi Kaliforniyadan Chikagoga, u yerdan esa poyezd orqali Vashingtonga yetib kelgan. Shahardagi mehmonxonalardan biriga joylashgan shaxs shanba kuni kechqurun otishma sodir etgan.
Hodisa oqibatida AQSh Maxfiy xizmatining bir nafar agenti jarohat oldi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, mazkur shaxs bir necha yil davomida turli turdagi o'qotar va sovuq qurollarni to'plab, ular bilan mamlakat bo'ylab harakatlangan.
Ushbu holat hujumning oldindan puxta rejalashtirilganidan dalolat bermoqda. Mazkur voqea AQSh xavfsizlik tizimi uchun jiddiy signal bo'ldi.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.