Moskvada kuchli qor yog'ishi oqibatida transport harakati to'xtab qoldi

0
Moskvada kuchli qor yog'ishi oqibatida transport harakati to'xtab qoldiMoskvada kuchli qor yog'ishi oqibatida transport va aviatsiya qatnovida uzilishlar yuz berdi Moskva va Moskva viloyatida 27 aprel kuni ob-havoning keskin sovushi hamda qor yog'ishi qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Noqulay ob-havo sharoiti, kuchli shamol va yo'llardagi yaxmalak sababli hududda xavfning "sariq" darajasi joriy qilindi. Gidrometeorologiya markazi xabariga ko'ra, shamol tezligi soniyasiga 18–23 metrgacha kuchaygan.

"Fobos" markazi mutaxassisi Yevgeniy Tishkovetsning ma'lum qilishicha, bir kun ichida Moskvada oylik yog'ingarchilik miqdorining qariyb 50 foizi tushgan. Tabiiy hodisa shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazdi.

Kuchli shamol oqibatida daraxtlar ildizi bilan qo'porilib, transport yo'nalishlarini to'sib qo'ydi. Xususan, metroning Arbat-Pokrovsk liniyasida temiryo'lga daraxt qulashi sababli "Partizanskaya" va "Shchelkovskaya" bekatlari o'rtasida poyezdlar harakati vaqtincha to'xtatildi.

Aviatsiya qatnovida ham kechikishlar kuzatildi. Vnukovo aeroportida noqulay ob-havo tufayli 50 dan ortiq reys belgilangan vaqtda parvoz qila olmadi.

Moskva viloyatining Dubna va Domodedovo shaharlarida daraxtlar qulashi elektr tarmoqlariga shikast yetkazdi va energiya ta'minotida qisman uzilishlarga sabab bo'ldi. Shuningdek, Paveletskiy va Savelovskiy yo'nalishlarida poyezdlar harakati cheklandi.

Rasmiylar aprel oxirida kuzatilgan ushbu qishki ob-havo sharoiti bo'yicha zaruriy choralar ko'rilayotganini bildirdi.
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Dunyo yangiliklari