Gabonda fillar to'dasi amerikalik ovchini toptab o'ldirdi
Afrikaning Gabon davlati hududida fillar to'dasi amerikalik boy ovchining o'limiga sabab bo'ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Daily Mail nashri Collect Africa sayyohlik kompaniyasi taqdim etgan ma'lumotlarga tayanib, ushbu hodisa tafsilotlarini e'lon qildi. Aniqlanishicha, halok bo'lgan shaxs Kaliforniyada tokzorlarga egalik qiluvchi Erni Dozio bo'lib, u uzoq vaqt davomida Afrika va Amerika qit'alarida ekzotik hayvonlarni ovlash bilan shug'ullanib kelgan.
Voqea sodir bo'lgan paytda Dozio hamrohi bilan o'rmonda antilopa izlayotgan bo'lgan. Shu jarayonda ular kutilmaganda beshta katta fil va bir fil bolasiga duch kelishgan.
Hayvonlar ovchilarning qo'lidagi qurolni ko'rgach, keskin reaksiya bildirgan va hujumga o'tgan. Fillarning shiddatli zarbasi oqibatida Erni Dozio voqea joyida vafot etgan, uning sherigi esa turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Bu haqda marhumning tanishi, Keyptaun shahrida istiqomat qiluvchi sobiq ovchi xabar bergan. Mutaxassislarning tushuntirishicha, fillar, ayniqsa yonida bolasi bo'lgan vaqtda, o'ta himoyalanish instinkti bilan harakat qiladi.
Bunday vaziyatda har qanday xavf belgisi hayvonlarning tajovuzkorligini oshiradi va fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin.