
Eron janubidagi Hurmuzgon provintsiyasida Fors ko'rfazi sohilida yangi shahar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. “Markaziy Makran (Makran-ye Markazi)” deb nomlangan bu loyiha 150 mingdan ortiq aholi uchun mo'ljallangan. Ushbu yangi shahar zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida qurilishi kutilmoqda.
Eron Oliy shaharsozlik va arxitektura kengashi loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, joylashuvi va umumiy qurilish tamoyillarini ma'qulladi. Yangi shahar Abkuhi va Kalirak aholi punktlari yaqinida joylashadi va dengiz iqtisodiyoti, energiya ishlab chiqarish hamda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish markaziga aylanishi ko'zda tutilgan. Loyihaning umumiy maydoni 3200-3500 gektarni tashkil etadi.
Bosh reja doirasida aholi soni bosqichma-bosqich 150 mingdan 175 minggacha yetkazilishi rejalashtirilgan. Qurilish davomida ekologik muvozanatni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilishga katta e'tibor beriladi. Shuningdek, xususiy sektor jalb etilishi va mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy darajasini oshirishga alohida urg'u qilinadi.
Mutaxassislar ushbu loyihani Eronning Fors ko'rfazi mintaqasida strategik ahamiyatga ega bo'lgan urbanizatsiya rejalaridan biri deb hisoblashmoqda. Ushbu shahar mintaqaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga katta hissa qo'shishi kutilmoqda. Xorijiy OAV bergan xabarlarga ko'ra, loyiha Eronning mintaqadagi o'rnini mustahkamlashga qaratilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0