Qirg‘iziston poytaxtidagi Manas xalqaro aeroportida 7 iyul kuni aviasiya hodisasi qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
TezJet aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti Bishkekdan O‘sh shahriga parvozni amalga oshirishga hozirlik ko‘rayotgan vaqtda texnik nosozlik yuzaga keldi. Samolyot havoga ko‘tarilish jarayonida shassining orqa qismi ishdan chiqqach, uchuvchilar parvozni zudlik bilan to‘xtatishga qaror qilishdi.
Aeroporti Kirgizstana ochiq aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa joyida favqulodda vaziyat protokollari darhol ishga tushirilgan. Samolyot bortida bo‘lgan 181 nafar yo‘lovchi hamda ekipaj a’zolari xavfsizlik nuqtai nazaridan avariyaviy traplar yordamida zudlik bilan evakuatsiya qilingan.
Hodisa oqibatida hech kim jiddiy jarohat olmagani aytilmoqda. Hozirda mutaxassislar texnik nosozlikning aniq sabablarini o‘rganishmoqda, aeroport faoliyati esa xavfsizlik talablariga muvofiq nazorat ostida.
Mazkur holat bo‘yicha tegishli tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0