
Chexiyalik afsonaviy darvozabon Lyudek Miklosko 64 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
U futbol olamida, ayniqsa, Angliya premyer-ligasidagi faoliyati bilan ko‘plab muxlislar xotirasida chuqur iz qoldirgan. Miklosko 1990-yildan 1998-yilga qadar Londonning "Vest Xem" klubi sharafini himoya qilgan va jamoaning asosiy darvozabonlaridan biri sifatida tanilgan.
Qiziqarlisi shundaki, chexiyalik darvozabon "Blekbern" muxlislari orasida ham alohida hurmatga sazovor. Buning asosiy sababi 1994/1995-yilgi mavsumning so‘nggi turida sodir bo‘lgan tarixiy voqeadir.
O‘sha o‘yinda Miklosko "Manchester Yunayted" hujumlariga qarshi mardonavor turib, "Vest Xem"ning raqib bilan 1:1 hisobida durang o‘ynashiga katta hissa qo‘shgan. Bu natija "Blekbern"ga o‘z tarixidagi yagona chempionlik unvonini qo‘lga kiritish imkonini bergan edi.
Faoliyati davomida u Chexoslovakiya va Chexiya milliy terma jamoasi safida jami 42 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Chex darvozabonlik maktabi vakili sifatida u o‘zining ishonchli o‘yinlari bilan doimo ajralib turgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq futbolchi bir necha yildan buyon og‘ir xastalik bilan kurashib kelayotgan edi. Afsuski, kasallik ustun keldi va futbol dunyosi o‘zining yorqin vakillaridan birini yo‘qotdi.
Lyudek Miklosko nafaqat o‘z klubi, balki butun futbol hamjamiyati tomonidan professionalizm va matonat namunasi sifatida yodda qoladi.






Izohlar
0