
Matvey Safonov "PSJ" futbolchilari nima sababdan noodatiy liboslarda maydonga tushganiga izoh berdi "PSJ" darvozaboni Matvey Safonov Fransiya chempionati doirasidagi "Anje"ga qarshi bahsda jamoa a'zolari nima uchun noodatiy liboslardan foydalanganini tushuntirib berdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mazkur uchrashuvda futbolchilarning liboslarida ularning o'z familiyalari emas, balki butunlay boshqa ismlar aks etgan edi. Xususan, rossiyalik darvozabonning o'zi ushbu o'yinda maydonga "Laura" ismi tushirilgan libosda tushdi.
Safonovning so'zlariga ko'ra, bu aksiya ijtimoiy xarakterga ega bo'lib, kamsitish muammosiga e'tibor qaratishni maqsad qilgan. "E'tibor bermaganlar uchun shuni aytishim mumkinki, formalarimizda o'z familiyalarimiz emas, balki turli ismlar yozilgan edi.
Bular u yoki bu sababga ko'ra kamsitishga (diskriminatsiyaga) duchor bo'lgan insonlarning ismlaridir", — deb yozdi futbolchi o'zining Telegram-kanalida. Safonov, shuningdek, ismlar futbolchilarga tasodifiy tarzda taqsimlanganini ta'kidladi.
Uning fikricha, bu insonning qanday sabab bilan tazyiqqa uchragani ahamiyatsiz ekanini anglatadi. Eslatib o'tamiz, "PSJ" va "Anje" jamoalari o'rtasidagi uchrashuv parijliklarning 3:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan edi.