
Pedri Lamin Yamalning jarohati borasida fikr bildirdi "Barselona" yarim himoyachisi Pedri jamoadoshi Lamin Yamalning jarohat olganiga munosabat bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
18 yoshli vinger "Selta"ga qarshi kechgan bahsning 40-daqiqasida penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochgan edi. Biroq oradan to'qqiz daqiqa o'tib, jarohat sababli maydonni tark etishga majbur bo'ldi va uning o'rnini Runi Bardgji egalladi.
Yosh ispaniyalik futbolchining goli uchrashuvda yagonaligini saqlab qoldi va kataloniyaliklar 1:0 hisobida g'alaba qozondi. "Yamalning jarohati?
Umid qilamanki, tiklanish jarayoni imkon qadar qisqa vaqt davom etadi. Ertaga u tibbiy ko'rikdan o'tadi va barchasi qanchalik jiddiy ekani ma'lum bo'ladi.
Laminga faqat salomatlik va xotirjamlik tilayman, u hali juda yosh", — dedi Pedri o'z intervyusida. Ma'lumotlarga ko'ra, Yamal son qismining orqa mushaklaridan jarohat olgan.
Dastlabki taxminlarga ko'ra, u 10-may kuni "Real Madrid"ga qarshi bo'lib o'tadigan muhim uchrashuvni o'tkazib yuborishi mumkin. Hozirda klub shifokorlari futbolchining holatini to'liq nazoratga olgan.