
Angliya premyer-ligasiga qaytgan «Xall Siti» klubi «Braga» darvozaboni Lukash Gornichekni o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turgandi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Tomonlar 24 yoshli chexiyalik posbonning transferi bo‘yicha bir necha hafta davomida muzokaralar olib borishdi. Angliya klubi futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan tovon puli – 30 million yevroni to‘lashga rozi bo‘lgandi.
Biroq, yakunda transfer amalga oshmay qoldi. «Record» nashrining xabar berishicha, kelishuvning barbod bo‘lishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan.
Birinchidan, Gornichekka «Xall Siti» tomonidan taklif etilgan sport loyihasi unchalik ma’qul kelmagan. Ikkinchidan, «Braga» klubi to‘lovlar tuzilmasidan qoniqmagan.
Ingliz klubi 30 million yevroni bir necha tranosh (bo‘lib-bo‘lib) ko‘rinishida to‘lashni rejalashtirgan bo‘lsa, portugaliyaliklar mablag‘ni birdaniga yoki qisqaroq muddat ichida to‘liq olishni talab qilishgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda Lukash Gornichek «Braga» tarkibida barcha turnirlarda 55 ta o‘yinda maydonga tushib, 24 ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan va jami 51 ta gol o‘tkazib yuborgan.
Uning ishonchli o‘yini tufayli «Braga» Yevropa ligasining yarim finaliga qadar yetib borgan edi. Hozircha tomonlar muzokaralarni qayta boshlash yoki boshqa variantlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq qarorga kelishmagan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0