
«Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani jamoaning oldindagi rejalari hamda bo'lajak uchrashuvlarga tayyorgarlik jarayoni haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mutaxassis hozirgi vaqtda diqqat-e'tiborini Germaniya chempionati doirasidagi «Mayns»ga qarshi bahsga qaratganmi yoki Chempionlar ligasi yarim finalidan o'rin olgan PSJ bilan o'yingami, degan savolga javob berdi. Kompani jamoaning tayyorgarlik tizimi o'zgarmasligini va har bir raqibga jiddiy yondashishini ta'kidladi.
Uning so'zlariga ko'ra, Myunxen klubi muddatidan oldin chempionlikni qo'lga kiritgan bo'lsa-da, turnir jadvalidagi holat o'yinlarga bo'lgan munosabatni o'zgartirmaydi. Murabbiy har bir uchrashuv jamoa uchun qadrli ekanini va belgilangan reja asosida ish davom ettirilishini ma'lum qildi.
Eslatib o'tamiz, «Bavariya» o'z maydonida «Shtutgart»ni 4:2 hisobida mag'lub etib, Germaniya chempionligini rasman naqd qilgan edi. Shunga qaramay, jamoani oldinda tig'iz taqvim kutmoqda.
Myunxenliklar 25-aprel kuni safarda «Mayns» mehmoni bo'lishadi. Shundan so'ng, 28-aprel kuni Kompani shogirdlari Chempionlar ligasi yarim finalining dastlabki uchrashuvida Fransiyada PSJga qarshi maydonga tushadi.
Murabbiyning ta'kidlashicha, ushbu muhim uchrashuvlar oldidan jamoa o'z uslubi va tayyorgarlik jarayonini saqlab qoladi.