
«Ufa» klubining sobiq futbolchisi Aleksey Nikitin «Barselona» jamoasining hozirgi holati va o'yin uslubi haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Ekspertning ta'kidlashicha, Lamin Yamal yetakchilik qilayotgan hozirgi jamoa Lionel Messi davridagi tarkibdan sezilarli darajada farq qiladi. Nikitining so'zlariga ko'ra, Messi to'p surgan yillarda kataloniyaliklarning o'yini ancha muvozanatlashgan edi.
O'shanda jamoaning barcha chiziqlarida yorqin ijrochilar yetarli bo'lgan. Hozirgi «Barselona» esa ko'proq kayfiyat va ilhomga tayanib harakat qilmoqda.
«Hozirgi kataloniyaliklar jamoasi hatto neytral muxlislarni ham o'ziga rom etmoqda, biroq bu ko'proq hissiyotga berilgan jamoa. Albatta, ushbu tarkibning kamchiliklari Messi davridagi tarkibga nisbatan ko'proq», — deya mutaxassisning so'zlarini keltirmoqda «Match TV».
Ekspert jamoaning asosiy muammosi sifatida himoya chizig'idagi o'yinni ko'rsatib o'tdi. Ispaniya chempionatining 2025/2026-yilgi mavsumida o'tkazilgan 32 ta uchrashuvda «Barselona» o'z darvozasidan 30 ta to'p olib chiqdi.
Qayd etish joizki, xuddi shuncha gol «Real Madrid» darvozasiga ham kiritilgan. Nikitining tahliliga ko'ra, barqarorlikning yo'qligi hozirgi tarkibning eng zaif nuqtasi bo'lib qolmoqda.