
"Real Madrid" klubining braziliyalik himoyachisi Eder Militaoning jarohati borasidagi tafsilotlar ma'lum bo'ldi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Jurnalist Rodraning xabar berishicha, futbolchining sog'lig'i bilan bog'liq muammolar o'tgan yilning dekabr oyida boshlangan edi. O'shanda shifokorlar jarrohlik amaliyotini o'tkazishni tavsiya qilgan, biroq himoyachi uzoq vaqtga safdan chiqmasligi uchun konservativ davolanish usuli tanlangan.
Tanlangan davolash usuli ma'lum xavflarni keltirib chiqarishi, ya'ni jarohat istalgan vaqtda qaytalanishi yoki og'irlashishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Afsuski, yakunda ushbu risk o'zini oqlamadi va Militaoning jarohati jiddiylashdi.
Endilikda futbolchi jarrohlik amaliyotini o'tashga majbur bo'ladi. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Eder Militao jarrohlik amaliyoti va undan keyingi tiklanish jarayoni sababli 2026-yilgi Jahon chempionatini ham o'tkazib yuborishi mumkin.
Joriy mavsumda braziliyalik himoyachi "Real Madrid" safida barcha turnirlar doirasida 21 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga ikkita gol va bitta natijali uzatmani yozdirib qo'ygan edi. Himoyachining safdan chiqishi Madrid klubi uchun jiddiy yo'qotish sifatida baholanmoqda.