Toshkent shahrida davom etayotgan anomal issiq ob-havo sharoiti elektr energiyasiga bo‘lgan talabning sezilarli darajada ortishiga olib kelmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
«Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iste’mol hajmining keskin o‘sishi elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani bir necha barobar oshirib yuborishi mumkin. Ushbu holat energetika tizimida texnik nosozliklar yuzaga kelish xavfini keltirib chiqarmoqda.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, yuqori harorat ta’sirida elektr uzatish liniyalari va transformator punktlarida qizib ketish holatlari kuzatilishi tabiiy. Bu esa o‘z navbatida ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar yoki avariyaviy o‘chirishlar yuz berish ehtimolini oshiradi.
Energetika xizmatlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarning oldini olish va tarmoqdagi barqarorlikni saqlab qolish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Fuqarolardan elektr energiyasidan oqilona foydalanish hamda ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik so‘raladi.
Favqulodda holatlar yuz berganda tegishli dispetcherlik xizmatlariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0