Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 86-sonli umumta’lim maktabining Qurilish qishlog‘ida joylashgan filiali joriy o‘quv yilini uch nafar bitiruvchi bilan yakunladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Nasaf TV telekanali tomonidan tayyorlangan lavhada ta’kidlanishicha, tuman markazidan 70 kilometr olisda joylashgan mazkur hudud aholisi hali ham internet hamda mobil aloqa sifatidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda. Shunga qaramay, maktabni bitirayotgan yoshlar o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlaganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Suhbat davomida o‘quvchilar sinfdagi o‘quvchilar soni kamligi sport musobaqalari va jamoaviy bellashuvlarda faol qatnashish imkoniyatlarini cheklab qo‘yganini qayd etishgan. Reportajda ta’lim muassasasidagi ijobiy o‘zgarishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan.
So‘nggi yillarda olis hududlardagi maktablar uchun joriy etilgan imtiyozlar samarasida hududga malakali pedagoglar jalb etilgan. Xususan, Andijon viloyatidan tashrif buyurgan oliy toifali o‘qituvchilarning sa’y-harakatlari tufayli uch yil avval ta’lim sifati past deb baholangan maktab bugungi kunda sezilarli natijalarga erishdi.
O‘quvchilar fan olimpiadalari va turli intellektual tanlovlarda qatnashishni boshlagan bo‘lib, milliy sertifikat sohiblari safi kengaymoqda. So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida Prezident tabrigi o‘qib eshittirildi hamda o‘qishda muvaffaqiyat qozongan o‘quvchilar va fidoyi ustozlar munosib rag‘batlantirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/26 o‘quv yilida respublika bo‘ylab 472 ming nafardan ziyod 11-sinf hamda 621 ming nafardan ortiq 9-sinf o‘quvchisi maktab ta’limini yakunladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0