
Toshkent shahrida xorijiy fuqarolarning ishonchidan foydalanib, ularga O‘zbekistonga kirish vizalarini noqonuniy yo‘llar bilan rasmiylashtirib berishni va’da qilgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur noqonuniy harakatlarni aniqlash va ularga barham berish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida keng qamrovli tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Tergov-surishtiruv jarayonida aniqlanishicha, guruh a’zolari firibgarlik yo‘li bilan xorijliklarning mablag‘larini o‘zlashtirishni ko‘zlagan.
O‘tkazilgan ko‘p bosqichli operatsiya davomida jinoyatchilar 31 200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur guruhning boshqa noqonuniy qilmishlarga aloqadorligini aniqlash hamda yetkazilgan zararni to‘liq qoplash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Fuqarolardan bunday shubhali takliflarga ishonmaslik va qonuniy tartib-qoidalarga amal qilish so‘raladi.






Izohlar
0