
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida noqonuniy faoliyat yuritib kelgan yashirin bosmaxonalar tarmog‘i aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur sexlar tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz ishlagan hamda mualliflik huquqlarini jiddiy ravishda buzgan holda turli diniy mazmundagi adabiyotlarni kontrafakt usulda ommaviy chop etish bilan shug‘ullangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilgan reydlar davomida ushbu noqonuniy tarmoqning faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tekshiruv jarayonida bosmaxonalarda saqlanayotgan 26 mingdan ortiq nusxadagi diniy kitoblar va ularni nashr etish uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Hozirgi vaqtda aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarning qilmishlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasini hal etish uchun tergovoldi harakatlari davom etmoqda. Tegishli idoralar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi nazorat choralari kuchaytirilgan bo‘lib, litsenziyasiz bosmaxonalarning faoliyatini oldini olish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.






Izohlar
0